O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov o‘z lavozimini tark etdi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Fevralda yangi tashkil etilgan vazirlikka rahbarlik qilishni boshlagan Shoakrom Isroilov chorshanba kuni jamoasi bilan xayrlashgan. Yangi ish joyi haqida xabar qilingani yo‘q.

Oybek Qosimov. Foto: Xalqaro press-klub.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Oybek Omilovich Qosimov vazir vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Vazirlik yil boshida Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi bazasida tashkil etilgan edi. Vazirlik oldiga qo‘yilgan asosiy vazifalar — aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini olib borishga keng jalb qilish, sport sanoati va infratuzilmalarini rivojlantirish, shuningdek xalqaro sport maydonlarida mamlakatning munosib ishtirokini ta’minlashdan iborat.