Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi Facebook`dagi rasmiy sahifasida Samarqanddagi maxsus maktab tarbiyalanuvchilariga qilingan zo‘ravonlik bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi Samarqanddagi maxsus maktabda maktab ma’muriyatining bolalar bilan qilingan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarini ta’lim-tarbiyadagi yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat deb baholaydi. Chunki ta’lim tarbiyada majburlov, zo‘ravonlik va bosim o‘tkazish holatlari insoniy qadriyatlarga to‘g‘ri kelmaydigan usuldir. Bunday sharoitda inson ijobiy xulq atvorga ega shaxs sifatida kamol topmaydi», — deyiladi bayonotda.

Komissiya a’zolari Samarqanddagi maxsus maktab ma’muriyati, pedagogik jamoasining bolalar bilan qilgan noto‘g‘ri tarbiya usuli va muomalasini keskin qoralab, bu ishning qonunlarga muvofiq o‘rganilishi, aybdorlar jazolanishi hamda kelgusida bunday hodisalarga yo‘l qo‘yilmasligini vakolati darajasida nazorat qilib borishga va’da beradi.

«Umid qilamizki, maxsus maktabdagi ushbu noxush vaziyat xususiy holat bo‘lib yurtimizdagi minglab fidoyi, jonkuyar o‘qituvchi va murabbiylarimizning hurmati va sha’niga daxl qilmaydi», — deya munosabatga yakun yasaladi.