2018 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 10 998 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 8 050 fuqaroning huquqi tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Shuningdek, hisobot davrida ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huqubuzarliklar bo‘yicha 221 530 nafar shaxsga nisbatan 179 671 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan 151 600 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish va transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 30 374 nafar shaxsga nisbatan 30 245 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 3 240 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, 24 136 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Ma’muriy sudlar tomonidan 101 143 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 55 foizdan ortig‘i sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 1 345 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 319 tasi ish materiallari asosida o‘rganildi.