Kanadaning Kalgarisida istiqomat qiluvchi Farhod Fayzullayev «Gazeta.uz» iltimosiga ko‘ra ko‘chalarda o‘lim va jarohatlanish holatlarini kamaytirishi uchun hokimiyat tomonidan nimalar qilinayotgan haqida gapirib berdi.

Yil boshidan beri Toshkentda yuz bergan 660 ta YTH natijasida 93 nafar odam vafot etdi va 786 kishi jarohatlandi. Shaharda 450−500 ming mashina mavjud.

Men doimiy yashaydigan Kanada g‘arbidagi Kalgari shahrida 1 milliondan ko‘proq avtotransport vositalari ro‘yxatga olingan. Bolalarni ham qo‘shganda bir kishiga 0,8 avtomobil to‘g‘ri keladi. Ko‘rib turganingizdek, shahar avtomobillashgan; shaharning barcha tumanlarini bog‘lovchi jamoat transporti mavjud bo‘lib, markazga yetib olish uchun 1,5 soat talab etiladi. Bundan tashqari yilning bir necha haftasida havo harorati Selsiy bo‘yicha minus 30 gradusdan pastga tushadi.

Shunday qilib, yil boshidan beri shaharda YTH natijasida 7 kishi halok bo‘ldi. Shahar hokimiyati buni ko‘p deb hisoblamoqda. Shu sababli ular ko‘chalarda o‘lim holatini kamaytirish ustida ishlashmoqda.

Masalan, bizning «mahallada» o‘tgan haftada piyodalar yo‘lni kesib o‘tishi uchun vaqtinchalik beton bloklar o‘rnatildi. Endilikda har bir yo‘nalish uchun bittadan polosa qoldi.

Muallif fotosi.

Ushbu uchastkada tezlik chegarasi soatiga 30 km etib belgilangan. Garchi ko‘cha keng bo‘lsa ham, bunday cheklov haydovchining tezlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar soni kamayadi.

Bu misollardan biri. Faqat bu usul bilan O‘zbekiston ko‘chalaridagi o‘lim holatini bartaraf etib bo‘lmaydi. Bunga tizimli yondashuv kerak. Pastda bir qator tadbirlarni sanab o‘taman. Mening fikrimcha, aynan ular Kalgari ko‘chalarining xavfsizligini ta’minlamoqda.

Birinchidan, shaharda tezlik nazorat qilinadigan belgilar o‘rnatilgan joylardan tashqari tezlik soatiga 50 km qilib belgilangan.

Ikkinchidan, ko‘cha va trassalarning ajoyib tasnifi bor: kvartallar ichidagi ko‘chalar markazni shahar cheti bilan bog‘laydigan katta polosali trassalardan farq qiladi. Masalan, tezlik soatiga 80 km qilib belgilangan trassalarda tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish yo‘lagi va qo‘shni hududlarda qo‘shiluvchi yo‘llar yo‘q. Shuningdek yo‘l chetida bir necha 10 metrli maxsus joylar tashkil qilingan. U yerda tezlik soatiga 50 yoki 60 km etib belgilangan yo‘llardagina to‘xtash mumkin.

Kalgaridagi memorial drayv. Yo‘l va to‘xtash joyini hamda yerusti metrosi liniyasini ajratib turuvchi yirik yashil zonaga e’tibor bering. Bu yerda maxsus joyda to‘xtash mumkin emas. Foto: Deril Delakruz.

Tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish joylari tezlik soatiga 60 kilometr qilib belgilangan va ikki tomonlama ham ikki polosali yo‘llarda uchraydi. Bunday o‘tish joylari knopkali, o‘chib-yonuvchi sariq lampochkalar va alohida yoritish tizimi bilan ta’minlangan.

Sariq lampali va alohida yoritiluvchi tartibga solinmaydigan piyodalar o‘tish joyi. Foto: CTV News.

Surishtiruv natijalariga ko‘ra, bu kabi ko‘chalarda o‘tish joylarini zudlik bilan svetofor orqali tartibga solish zarur. Ammo yuqorida aytganim singari Kalgari avtomobillashgan shahar va u yerdagilar Yevropa shaharlaridan ko‘p narsalarni o‘rganishlari kerak.

Uchinchidan, shahar politsiyasi Albert transport vazirligiga emas, meriyaga bo‘ysunadi. O‘lchovlarni amalga oshiruvchi va belgilar o‘rnatuvchi tashkilot hamda shahar huquq-tartibot xizmati meriya va shahar kengashiga bo‘ysunadi. Tashkilotning shu tarzdagi faoliyati shaharning barcha xizmatlari o‘rtasida uyg‘unlikni ta’minlaydi.

To‘rtinchidan, ko‘chalar holati va unga tushayotgan bosim doimiy ravishda o‘rganiladi. Ma’lum tumandan saylangan deputat yiliga kamida bir marta meriya mutaxassisi va politsiya hamrohligida yo‘l harakati xavfsizligi masalasida shahar aholisi bilan uchrashadi. Har qanday aholi vakili deputat bilan gaplashishi, o‘z tumanidagi kamchiliklarni aytishi hamda taklif bildirishi mumkin.

Deputat bilan uchrashuv vaqtidagi prezentatsiya. Muallif fotosi.

Ko‘chalardagi holat o‘rganilishi bilan bir qatorda hisob-kitob ham qilinadi: shahar YTH sababli qancha pul yo‘qotdi. Masalan, 2016 yilda Kalgari yo‘llardagi avariya hisobiga 1 milliard Kanada dollari (760 million AQSH dollari) miqdorida pul yo‘qotgan. Bu kabi hisob-kitob shahar hokimiyatiga YTHni kamaytirishga motivatsiya beradi.

Beshinchidan, jamoat transportini rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi. Qulay va barcha sharoitlarga ega jamoat transporti ko‘chalarda shaxsiy avtomobillar kamayishini ta’minlaydi. Bu esa avariyalar kamayishiga olib keladi. Bu yil Kalgarida tezkor jamoat transporti harakati uchun alohida polosalar, ko‘chalar va ko‘priklar qurilishi ko‘zda tutilgan to‘rt loyiha uchun 208 million Kanada dollari (158 million AQSH dollari) ajratiladi.

Jamoat tarnsporti uchun belgilangan tunnel. Kalgari meeriyasi illyustratsiyasi.

Bundan tashqari, yaqinda yer usti metrosining uchinchi bosqichining qurilishi boshlandi.

CTrain yerusti metrosi. Kalgari meeriyasi fotosi.

Oltinchidan, shahar ko‘chalari va yo‘llari bo‘yicha tekshiruvlar, transportlar harakati va kelajak bilan bog‘liq rejalar shahar сайтигажoyлаштириб boriladi. Eng kichik muhim loyihalar ish boshlangunga qadar bir necha oy yoki yil davomida tuman aholisi bilan muhokama qilinadi, maksimal shaffoflik va aholi ishtiroki ta’minlanadi.

Yana bir muhim jihat — Kalgari shahri joylashgan Albert provinsiyasida avtomaktabda o‘qish shart emas! Yo‘l harakati qoidalari uyda o‘rgangan holda haydovchilik guvohnomasini olish mumkin. Haydovchilarni yaxshi va uzoq vaqt o‘qitish, ularning «tarbiyasi» yoki yuridik shaxs haydovchilarni har ikki yilda sertifikatlash hech qanday mantiqqa ega emas.

Tizimli ravishda olib borilgan ushbu barcha choralar deyarli har bir odamda mashina bo‘lgan shaharda o‘lim holatini maksimal kamayishini ta’minlaydi.