23 iyul kuni Toshkentda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vetnam hukumatlararo komissiyasining yettinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekiston tomonidan tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va O‘zbekistonning Vetnamdagi elchisi (qarorgohi Jakartada) Ulug‘bek Rozuqulov ishtirok etdi. Vetnam tomonidan esa Vetnam sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xoang Kuok Viong va Vetnamning O‘zbekistondagi elchisi Fam Van Fao qatnashdi.

Mamlakatlar tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo savdo aylanmasi hajmini oshirish, baliqchilik va ipakchilik, choy va qora murch yetishtirish sohalarida hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan.

2017 yil yakunlariga ko‘ra, savdo aylanmasi hajmi 16 foizga oshib, 33 mln dollarga yetdi. 2018 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha esa o‘zaro savdo aylanmasi 2,5 barobardan ortiqroqqa ortib, 30 mln dollarga yaqinlashdi.

Tomonlar savdo aylanmasini shu yilning o‘zida 100 mln dollarga yetkazish imkoniyati mavjud, deb hisoblaydi.

Vetnam O‘zbekistonga ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.