Rangli va qimmatbaho metallarni qazib olishda yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi o‘rtacha besh barobarga oshirildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni tegishli qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, oltin qazib olishda soliq stavkasi soliqqa tortish bazasidan 5 foizdan 32 foizga, kumush — 8 foizdan 32 foizga, mis — 8,1 foizdan 30 foizga, rux — 4 foizdan 20 foizga o‘sdi. Avvalgi stavkalar 2000 yildan buyon amalda edi.

Mazkur choralar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetiga tushumlar miqdorini oshirish hamda ayrim qazib oluvchi korxonalar mablag‘laridan ratsional foydalanish maqsadlarida qabul qilindi.