O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Samarqanddagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida mansabdor va mas’ullar tomonidan tarbiyalanuvchilar tizimli ravishda qiynoqqa solib kelingani holatiga rasman munosabat bildirildi.

Mazkur holat Bosh prokuratura rahbariyati alohida nazoratiga olinib, shaxsan Samarqand viloyati prokurori tomonidan olib borilgan tekshiruv davomida aniqlanishicha, maktab-internati direktori Sh. Sadinov va boshqalar mansab vakolati doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etib, o‘z faoliyatlari davomida maktab-internatining o‘quvchilari, voyaga yetmagan X. (2001 y.t.), M. (2006 y.t.) va O‘. (2003 y.t.)larni maktab tartib-qoidalariga rioya qilmayotganini ro‘kach qilgan holda ta’lim-tarbiya davomida ularga rahmsiz muomalada bo‘lib, muttasil ravishda urib, qiynab, ularga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Viloyat sud-tibbiy ekspertiza (STE) byurosining 23 iyuldagi xulosalariga ko‘ra, ariza bergan M.Mirzayevaning farzandi M.ning tanasida qator jarohatlar mavjudligi, ular «Yengil tan jarohatlari» guruhiga kirishi aniqlangan. Jinoyat ishi bo‘yicha 89 nafar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga nisbatan viloyat STE byurosi ekspertlari tomonidan guvohlantirish harakatlari o‘tkazildi, tarbiyalanuvchilarning ambulator kartalari bayonnomalar asosida olinib, o‘rganilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan 23 iyulda Samarqand shahar prokurori tomonidan 64-sonli maktab-internati direktori Sh. Sadinov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a» bandi (voyaga yetmaganlarga nisbatan muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash), 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Maktab-internati direktori Sh. Sadinov ushlangan, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi o‘rganilmoqda. Jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori tomonidan alohida nazoratga olingan.