Ilmiy tadqiqotlar uchun davlat byudjeti xarajatlarini bosqichma-bosqich oshirish va ularni YAIMning 1 foizigacha yetkazish dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda. QHTBT portalida muhokama qilinayotgan Prezidentning «2021 yilgacha O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi innovatsion faoliyatni moliyalashtirishni takomillashtirishga yo‘naltirilgan boshqa normalarni ham o‘z ichiga olgan, deyiladi Norma.uz ma’lumotida.

Innovatsion loyihalarga grantlar olish va ulardan foydalanish tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini oshirish mo‘ljallangan. Bunda maqsadli davlat ilmiy-texnika dasturlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish, texnologiyalarni transfer qilish va tijoratlashtirish uchun fan va texnologiyalarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashni qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.

Bunda ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyot sohalarining ehtiyojlarini qanoatlantirishga yo‘naltirish muhim o‘rin tutadi, boshqacha qilib aytganda, tadqiqotlarni boshlashdan oldin uning pirovard iste’molchisi aniq bo‘lishi kerak. Innovatsion faoliyat sub’ektlari, shu jumladan xalqaro investitsiyalar bozoridagi moliyaviy resurslardan foydalana olishini ta’minlash yo‘lidan borish taklif etilmoqda.

Bank krediti olish tartib-taomillari va unga qo‘yiladigan talablar soddalashtiriladi. Bu, shu jumladan innovatsion moliyalashtirishga ajratiladigan kreditlar hajmini oshirishga zamin yaratadi.

Venchur moliyalashtirish ham rivojlantiriladi. Bu qo‘yilgan mablag‘lar qiymati oshishidan foyda olishni ko‘zlagan holda, ilm-fan mahsulotlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga, ularni rivojlantirish va kengaytirishga yo‘naltirilgan yangi tashkil etilayotgan yuqori texnologik istiqbolli kompaniyalarning aksiyadorlik kapitaliga kiritilgan uzoq muddatli tavakkalchiligi katta investitsiyalardir.

An’anaviy investitsiyalardan farqli ravishda, venchur moliyalashtirish modelida har bir aniq kompaniyaga qo‘yilma yo‘qotilishi ehtimoli katta bo‘ladi. Eng muvaffaqiyatli investitsiyalardan katta naf olish hisobiga foydaga erishiladi. Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni yangi qonun bilan tartibga solish rejalashtirilmoqda.

Shu jumladan venchur kapital xorijiy tashkilotlari ishtirokida venchur (tavakkalchilik asosida) moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish tashabbusi bilan chiqdilar. Innovatsion rivojlanish dasturlarini amalga oshiruvchi davlat ishtirokidagi aksiyadorlik kompaniyalari tomonidan venchur fondlar yaratilishi imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Bu faoliyatni maxsus qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda.

«Mikromoliyalashtirish to‘g‘risida» va «Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zlangan. Yangiliklar innovatsion rivojlanish sohasidagi loyihalar moliyalashtirilishini yaxshilashga qaratiladi.

Ilmiy-texnikaviy rivojlanish ustuvorliklarini belgilash va moliyalashtirishda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda. Innovatsion loyihalarni amalga oshirishga xususiy investorlarning keng doirasi jalb etiladi. Tadqiqotlar va ishlanmalarga ichki xarajatlar umumiy hajmida xususiy moliyalashtirish ulushining ortishi kutilmoqda.

Yetakchi xalqaro innovatsion kompaniyalar va transmilliy korporatsiyalar strategik investorlar sifatida jalb etilishi ko‘zlangan.

Muntazam yangilab boriladigan innovatsion loyihalar yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Loyihalarni moliyalashtirishning turli shakllari samaradorligini va bo‘lg‘usi investorlarni baholash uslubiyati ishlab chiqiladi.

Mazkur loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.