Davlat soliq qo‘mitasi kameral tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha da’vo qilish uchun eng kam miqdorni belgiladi, deya xabar berdi DSQ «Gazeta.uz"ga.

Endilikda byudjetga undiriluvchi pul miqdori uni undirish xarajatlaridan kam bo‘lsa, talab qondirilmaydi. Dastavval bu miqdor talabnomani pochta orqali jo‘natish xarajatlari miqdorida, ya’ni 5000 so‘m etib belgilash rejalashtirilgan edi.

Ushbu qaror undiruv xarajatlarini qoplash maqsadida qabul qilindi. O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha shu narsa ma’lum bo‘ldiki, birinchi yarim yillikda 154,7 mingta talabnoma (54 foiz) bo‘yicha ilgari surilgan hir bir da’vo summasi eng kam ish haqining bir barobaridan kamroqni tashkil etgan.

Kameral tekshiruv yakunlari bo‘yicha asoslantirilmagan talabnomalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ular chorak yakunlari bo‘yicha faqat bir marta yagona formada yuboriladi.

DSQ ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikda yuborilgan 283,8 mingta talabnomaning 73,2 mingtasi (26 foiz shikoyatlar) tasdiqlanmagan, 10,7 mingtasi (15 foizi) esa soliq to‘lovchiga 4 dan 7 martagacha takroran yuborilgan.

Kameral nazorat doirasida da’vo qilingan soliqlar hajmi 640,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Qabul qilingan qaror kameral tekshiruvlar bo‘yicha vazifalarni taqsimlab berdi. Unga ko‘ra yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan korxonalarni soliq inspeksiyasi, 1 mlrd so‘mdan oshsa — soliq boshqarmasi va 55 mlrd so‘mdan oshsa — Davlat soliq qo‘mitasi kameral tekshiruvlarni amalga oshiradi.