Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi Hayitobod mahallasi hududidan o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘lining 1572 kilometrida avtohalokat sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«VAZ-2106» rusumli, davlat belgisi 75 Ye 482 AA avtomashinasi Qumqo‘rg‘on — Jarqo‘rg‘on yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan «Matiz» rusumli, davlat belgisi 75 S 094 JA avtomashinasi harakat yo‘nalishiga chiqib ketadi va to‘qnashuv yuz beradi.

Oqibatda «Matiz» haydovchisi va bir nafar yo‘lovchi hamda «VAZ-2106» rusumli avtomashinada bo‘lgan uch nafar yo‘lovchi olgan jarohatlari sababli tuman tibbiyot birlashmasida vafot etdi. Bir yo‘lovchi va «VAZ-2106» rusumli avtomashina haydovchisi tan jrohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

Mazkur hodisa yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi, 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.