Jizzaxdagi «Forish» tog‘ poligonida O‘zbekiston hamda Qozog‘iston maxsus operatsiya kuchlari ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlarning birinchi bosqichi 10−16 iyul kunlari Qozog‘istonning «Matibulaq» poligonida bo‘lib o‘tgan edi. Mashg‘ulotlar jarayonida desant tushirish va harbiy xizmatchilarning taktik harakatlari sinovdan o‘tkazildi.

Noqulay iqlim sharoitlarida tog‘li hududlarda shartli noqonuniy qurollangan kuchlar tahdidini qaytarishga qaratilgan mashqlar orqali ikki mamlakat harbiy xizmatchilari jahonda va mintaqada keskin o‘zgarib borayotgan harbiy siyosiy vaziyat, milliy va global xavfsizlik sohasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning eng ma’qul usul va uslublarini qo‘llash borasida o‘zaro tajriba almashdilar.

Tomonlarning o‘zaro aniq harakatlari natijasida, har ikki davlat hududida maxsus operatsiyalarni o‘tkazishda kontingentlarni boshqarish va ularni to‘liq ta’minlash masalalari ishlab chiqildi.


Mashg‘ulotlarning ikkinchi ko‘rinishida shartli dushmannning jangovar texnikalari va tirik kuchlariga SU-25 jangovar samolyotlari va MI-24 vertolyotlaridan qaqshatqich zarbalar berildi.


Taktik-maxsus mashqlar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiya kuchlari bo‘linmalariga yuklangan vazifalar muvaffaqiyatli bajarildi.

O‘quv mashqlarida 15 ga yaqin O‘zbekiston Qurolli Kuchlari aviatsiya texnikalari, 10 dan ortiq artilleriya qurilmalari hamda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 50 nafardan harbiy xizmatchisi jalb etildi.

Hamkorliklagi o‘quv mashg‘ulotlari doirasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy texnika va qurol-aslahalari namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlikdagi harbiy mashg‘ulotlarning yopilish marosimida Qozog‘iston mudofaa vaziri Saken Jasuzakov va O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov ishtirok etdi.