Hindistonning Nyu-Deli shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati nihoyasiga yetdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa o‘zbekistonlik yosh polvonlar uchun omadli keldi. Chempionatning so‘nggi kuni doirasida erkin kurash bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tdi.

-61kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Abbos Rahmonov turnir davomida Janubiy Koreya, Tojikiston, Xitoy va Qozog‘iston vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal sohibiga aylandi. -125kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Hasanboy Rahimov Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreya vakillaridan ustun kelib, finalga yo‘l olgandi. Hal qiluvchi jangda esa u eronlik polvonga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ma’lumot uchun, musobaqa davomida yunon-rum kurashi bahslarida Temurmirzo Mamajonov (oltin), Kamol Qo‘ziyev (kumush), Mahmud Bahshilloyev (bronza), To‘rabek Tirkashev (bronza), ayollar kurashida Nabira Yesenbayeva (kumush) va Baxtigul Baltaniyazova (bronza), erkin kurashda esa G‘ulomjon Abdullayev (oltin), Abbos Rahmonov (oltin), Hasanboy Rahimov (kumush) Muhammadrasul Rahimov (bronza) sovrindorlar qatoridan joy olishdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 10 ta medal (3ta oltin, 3ta kumush va 4ta bronza)ga ega bo‘ldi.