Ko‘p polosali yo‘llarda nazorat qilinmaydigan (svetoforsiz) piyodalar o‘tish yo‘laklarini qurish mumkin emas. Agarda yo‘lda bir yo‘nalishda bittadan ortiq polosa bo‘lsa, o‘tish yo‘lagi oldida albatta svetofor turishi kerak. Bu oddiy qoida. Buni butun dunyoda bilishadi. Biroq O‘zbekiston IIV YHXB muammoga tik qarashni rad etib kelmoqda.

Birgina Toshkentning o‘zida yuzlab nazorat qilinmaydigan piyodalar o‘tish yo‘laklari mavjud. Magistral ko‘chalarda, avtomobil aylanma yo‘llarida, OTMlar, maktablar, bozorlar, aholi mavzelari yaqinida. Va ularda odamlarni urib ketish — odatiy hol. Shahar IIBB 10 kun ichida ikki marta nazorat qilinmaydigan piyodalar o‘tish yo‘lagida o‘lim bilan tugagan holat haqida xabar berdi. Birinchisida Quloqtepa ko‘chasida 67 yoshli Zaripboy X, ikkinchisida esa Abdulla Qodiriy ko‘chasida 25 yoshli aktrisa Farangiz Rejametova hayotdan ko‘z yumdi.

YHTlar haqidagi kundalik xabarlarda “Yo‘l harakati qoidalariga rioya etish, ehtiyotkor, e’tiborli va o‘zaro xushmuomala bo‘lish” haqidagi chaqiriqlar o‘rin oladi. Ammo ularda 10 polosali yo‘llardagi o‘lim xavf solib turuvchi o‘tish yo‘laklari muammosini bartaraf etish haqidagi va’dalarni uchratmaysiz. Xavfli o‘tish yo‘laklarida baxtsiz hodisalar sonini nolga tushirish uchun bor imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha urinishlarni ham kuzatmaysiz.

Eng asosiysi — muammoni tan olish yo‘q. Axir, o‘tish yo‘lagi qanchalar savodsizlik bilan tashkil etilmasin, YHXBning fikricha, aybdor hamisha ehtiyotsiz piyodalar, e’tiborsiz haydovchilar bo‘lib qolaveradi.

Toshkent IIBB butun dunyoda o‘n yillar davomida sinovdan o‘tib, o‘z samaradorligini isbotlagan usullar — svetoforlar o‘rnatish, xavfli uchastkalarda tezlikni kamaytirish, xavfsiz “orolchalar” barpo etish, o‘tish qismlarini toraytirish va odamlar ko‘chani kesib o‘tadigan joylarda balandlatilgan o‘tish yo‘laklarini tashkil etishga qarshilik ko‘rsatishda davom etmoqda. Bu isbot-dalilsiz tasdiq emas, yo‘l harakati xavfsizligi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ko‘p sonli suhbatlardan chiqarilgan xulosadir.

Ko‘chalardagi yuzlab YPX inspektorlari, belgilarda to‘satdan paydo bo‘lib qoluvchi sariq rangli hoshiyalar va “zebra"lardagi sariq polosalar, ulkan xarajatlarni talab qiluvchi yer usti va yer osti o‘tish yo‘llari, ko‘p kilometrli to‘siq-panjaralar — bularning barchasi ko‘chalarni xavfsiz qilmaydi. Xavfsizlikni ko‘chalar dizaynini to‘g‘ri tashkil etish orqali ta’minlash mumkin, yo‘llar shunday bo‘lishi kerakki, haydovchida YTH sodir etish imkoniyat minimal darajada bo‘lsin. Hozircha YHXB va barcha darajadagi hukumat ko‘chalar odamlar hayotiga xavf solishda davom etayotganini tan olgani yo‘q. Xuddi Abdulla Qodiriy ko‘chasida yaqinda “chizilgan” yangi o‘tish yo‘lagi kabi.

IIV avtomobil oynalarini qoraytirish haqidagi qarorni yashin tezligida ishlab chiqib, tasdiqlashga erishdi, ammo shaharlarda ruxsat berilgan eng yuqori tezlikni kamaytirish masalasida hech narsa qila olmadi. May oyida qabul qilingan yo‘l harakati xavfsizligini oshirish to‘g‘risidagi konsepsiya AKTni joriy etish va yo‘l harakati ishtirokchilari “madaniyatini oshirish"ga katta urg‘u qaratadi, ammo harakatlarni sokinlashtirish masalasiga yetarlicha e’tibor qaratgani yo‘q. Unda yo‘llarda o‘lim va jarohat olish holatlarini kamaytirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar yo‘q.

Qariyb bir oydan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanadi. YXHB va hokimiyatlar maktab va bolalar bog‘chalaridagi bolalar, katta ko‘chalar yaqinida yashovchi odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rdi? Agarda sen piyoda bo‘lsang, shuni bilginki, Toshkent (o‘rniga har qaysi shaharni qo‘yishing mumkin) seni sevmaydi.

Piyodalar o‘tish yo‘laklarida qanday muammolar mavjud?

Piyodalar o‘tish yo‘lagi, bu — har qanday kenglikdagi ko‘chaga shunchaki o‘rnatilgan ikkita belgi va “zebra” emas. Nima uchun Abdulla Qodiriy ko‘chasida o‘tish noto‘g‘ri tashkil etilgan?

Teparoqda bo‘lgan haydovchiga o‘tish joyi ko‘rinmaydi. Oraliqda belgini takrorlovchi ogohlantiruvchi belgining yo‘qligi va ruxsat berilgan tezlikning yuqori ekani haydovchining piyoda paydo bo‘lganini o‘z vaqtida payqash imkoniyatini pasaytirib yuboradi. Bunday o‘tish joylarini svetoforsiz tashkil etish mumkin emas.

Xavfsiz “orolcha"ning yo‘qligi va harakat yo‘nalishlari o‘rtasining panjara bilan to‘silgani piyodalar hayotini katta xavf ostida qoldiradi. Sariq rang o‘tish yo‘lagi xavfsizligini ta’minlamaydi.

O‘tish yo‘lagi hech qayerga olib bormaydi. U piyodalar infratuzilmalarining bir qismi hisoblanmaydi, o‘z holicha mavjud xolos.

O‘tish yo‘lagi hatto yaqin trotuar bilan ham bog‘lanmagan.

Abdulla Qodiriy ko‘chasiga tutash Mahatma Gandi ko‘chasida trotuar mavjud emas, vaholanki bu yerda yirik istirohat bog‘i joylashgan.

Belgilarda vositalarning yetishmasligi — allaqachon sir bo‘lmay qolgan.

Ushbu ko‘cha bo‘ylab har kuni minglab maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari o‘tadi, biroq bu yerda piyodalar yo‘lagi mavjud emas. Ekopark darvozalari qarshisida piyodalar o‘tish yo‘lagi yo‘q.