Toshkentdagi Inha universitetida 28−30 iyul kunlari «Ajoyib matematika» festivali o‘tkaziladi, deya xabar qildi OTM matbuot xizmati.

Festivalning asosiy maqsadi matematikaning mo‘jizalarini namoyish etish va matematika juda qiziqarli ekanligini namoyish etish va ushbu fanni o‘qitish va o‘rganish qiziqarli ekanini ko‘rsatishdan iborat.

Ushbu tadbir Toshkentdagi Inha universiteti, Janubiy Koreyaning Inha universiteti hamda Koreyaning o‘qituvchilar uchun matematika madaniyatini tadqiq etish jamiyati tamonidan tashkil etilayapti. Festival Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari rivojlantirish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Korzinka.uz supermarketlar tizimi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayapti.

«Ajoyib matematika» festivali maktab va boshqa ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari, matematika o‘qituvchilari hamda ushbu fanga qiziqqan va sevganlarga mo‘ljallangan.

Festivalda Janubiy Koreyaning turli ta’lim tashkilotlarida faoliyat yurituvchi o‘qituvchilar tomonidan tayyorlangan 25 ta matematika stendi taqdim etiladi.

Uch kun davomida Janubiy Koreyadan kelgan mutaxassislar stendlarda turli pazllar, mashqlar va misollarni bolalarga taqdim etadilar va o‘z bilimlari bilan bo‘lishadilar. Tadbir davomida bolalar uchun tanlovlar va matematika bo‘yicha xorijiy mutaxassislarning ma’ruzalari ham tashkil etiladi.

Festival doirasida «Dasturlash soati» aksiyasi tashkil etiladi. Aksiya davomida bolalar dasturlash asoslariga bag‘ishlangan bir soatlik bepul darsda ishtirok etishlari mumkin.

Birinchi ilmiy-amaliy «Ajoyib matematika» festivali 2016 yil 6−8 yanvar kunlari tashkil etilgan edi. Uch kun davomida festivalda 5 mingdan ziyod kishilar ishtirok etdi.