Ijtimoiy tarmoqlarda «Andijon viloyatida IIB xodimi tunda ko‘chada yurgan o‘spirinni haqorat qilib, unga qo‘l ko‘tardi», deb nomlangan yashirin tarzda tasvirga olingan video tarqatildi. Unda Bo‘z tumani ichki ishlar xodimlarining bir nafar fuqaroni xaqoratlagani va uning qo‘lidan tortib ichki ishlar binosiga olib kirmoqchi bo‘lganligi tasvirga tushirilgan.

Viloyat IIB mas’ullari tomonidan atroflicha o‘rganilganda mazkur voqea 15 iyul kuni tungi soat 23:30 larda Bo‘z tumani, Bo‘ston mahallasida 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro Ma’rufjonov Muhriddin Muzaffar o‘g‘li bilan sodir bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Andijon viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

U haqiqatdan ham 15 iyul kuni tungi 23:30 larda savdo do‘konidan yashash xonadoni tomon, selofan paketda o‘ziga tegishli bulgan 250.000 so‘m pulni olib ketayotgan vaqtida ko‘chada o‘ziga notanish bo‘lgan 3−4 nafar fuqarolar baqir-chaqir qilib ketayotganliklari uchun tuman IIB xodimlari ular bilan birga, ushbu fuqaroning xam shaxsiga oydinlik kiritish maksadida Bo‘z tumani IIBga olib borishadi.

Bu joyda tuman IIB profilaktika inspektori leytenant M.Parpiyevga og‘zaki ravishda o‘zini tanishtirgach, ushbu xodim uning otasi Ma’rupov Muzaffarga ko‘ng‘iroq qilgan. Fuqaro M.Ma’rupov, profilaktika inspektori M.Parpiyevga haqiqatdan ham M.Marufjonov uning o‘g‘li ekanligi, biroq keyingi vaqtlarda o‘g‘li ko‘chadan kech uyga kirayotganligi, otasini tartibga chaqirish haqidagi o‘gitlariga quloq solmayotganligi uchun ichki ishlar xodimidan o‘g‘lini tartibga chaqirib qo‘yishligini so‘raydi.

Shundan so‘ng profilaktika inspektori M.Parpiyev uni tartibga solish maqsadida tungi vaqtlarda kimlar bilan va nima maqsadda yurganligini, nega otasini so‘zlariga quloq solmayotganligi haqida gapiradi. Undan qo‘lidagi sellofan paketdagi pullarni ko‘rib, «ushbu pullarni olib qayerdan kelyapsan» deb so‘raganida, unga «ushbu pullar o‘zimni pullarim, nima pul bilan yurib bo‘lmaydimi» deb qiziqqonlik bilan javob qaytaradi.

Bunga javoban ichki ishlar xodimi uni yoqasidan ushlab, bo‘lim hovlisidan ichki ishlar binosi ichkarisiga kirishni talab kiladi. Buni ko‘rgan tuman IIB xodimi B.Shomirzayev M.Parpiyevning bu xatti-harakatini to‘xtatadi. Shundan so‘ng IIB xodimlari tomonidan uning shaxsiga oid ma’lumotlar yozib olinib, fuqaro Ma’rufjonov Muhriddin Muzaffar o‘g‘li yashash uyiga olib borib kuyiladi. U o‘zi bilan bog‘liq holatni yashirin tarzda video tasvirga tushirilib tarqatilganligidan oradan ikki kun o‘tgandan so‘ng xabar topadi.

Fuqaro M.Ma’rufjonovning otasi Marupov Muzaffar bilan suhbatlashilganda o‘g‘li M.Marufjonov bilan bog‘liq barcha holatlarni tasdiqlab, video tasvirda aks ettirilgan holatlar bo‘yicha tuman IIB xodimlariga hech qanday e’tirozi yo‘qligini aytadi. Biroq o‘g‘li bilan bog‘liq holatni video tasvirga olib tarqatgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mazkur aniqlangan holatlar bo‘yicha, hozirda Andijon viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan Bo‘z tumani IIB xodimlariga nisbatan belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.