Avstriya fuqarosi Igor Mitchka maslahatchi sifatida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatadi, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Yel universiteti bitiruvchisi Igor Mitchka Yel universiteti bitiruvchilari tarmog‘i orqali xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning taklifini qabul qildi. XTV rahbarining o‘zi ha mazkur universitetni tamomlagan.

Ekspert XTV huzuridagi maxsus ekspert-tahlil guruhida yangi Ta’limni takomillashtirish markazi konsepsiyasini tayyorlaydi. Uning vazifalari ro‘yxatidan ta’lim tizimiga maktab bitiruvchilari zamonaviy dunyo talablariga yanada tayyor bo‘lishlariga qaratilgan yangi yondashuvlarni joriy etish uchun xorijiy sheriklarni jalb qilish ham o‘rin olgan.

Asosiy urg‘u o‘quvchilarda tadbirkorlik va muzokaralar olib borish, dasturlash va AKT imkoniyatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda muvaffaqiyatga erishish uchun motivatsiyani oshirishga qaratiladi.

Igor Mitchka moliya sohasida tajribaga ega, u Amerikaning Goldman Sachs investitsion bankida faoliyat ko‘rsatgan (2015−2017 yillarda).