Aktrisa Farangiz Rejametova (Jamolxonova) Toshkentda Abdulla Qodiriy va Mahatma Gandi ko‘chalari chorrahasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘lagida sodir bo‘lgan YTHda hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

20 iyul kuni taxminan 21:15 da Mercedes-Benz avtomobili 25 yoshli qizni urib yuborgan. 23 yoshli haydovchi Ulug‘bek E. jabrlanuvchini shifoxonaga olib borgan, biroq u yo‘lda hayotdan ko‘z yumgan, deya ma’lum qildi IIBB.

Mirzo Ulug‘bek tuman IIB tergov bo‘limi O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 266-modda 2-qismi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Farangiz Rejametova (1993 y. t.) san’atkorlar oilasida dunyoga kelgan. Uning onasi — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aktrisa Fotima Rejametova, bobosi — O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist To‘g‘on Rejametov. Farangiz o‘nlab badiiy film va seriallar, jumladan «Sehrli qalpoqcha», «Uy bekasi"da rol ijro etgan bo‘lsa, Zulfiqor Musoqovning «Oyijon» filmida bosh rolni o‘ynagan.