2018 yil 9 iyul kuni Jizzax viloyati, Yangiobod tumani, Ziyokor ko‘chasida yashovchi fuqaro N.Tursunboyev Bosh prokuraturaning «Ishonch telefoni"ga murojaat qilib, farzandi S.Qurbonboyevni tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonov «Nima sababdan kombaynni tuzatmading» deb urgani va tan jarohati yetkazganligi sababli I.Sulaymonovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Murojaat yuzasidan Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish davomida fuqaro S.Qurbonboyev 2018 yil 7 iyul kuni soat 14.30 larda Yangiobod tumani IIB boshlig‘i I.Sulaymonov tuman hokimi I.Matiyev bilan birga «Mustaqillikning 22 yilligi» suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi «Pastkichaqir bulog‘i» fermer xo‘jaligi dalasiga kelgan vaqtda kombaynlar g‘alla o‘rmasdan turganligi bois, tuman IIB boshlig‘i uni burun qismiga musht bilan urib, oyog‘i bilan orqasiga tepganligini bildirgan.

Zomin tumani sud tibbiy ekspertiza byurosining xulosasida fuqaro S.Qurbonboyevga burun suyagining yopiq sinishi, burun sohasi lat yeyishi, qontalashi kabi sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiobod tuman prokurori tomonidan 18.07.2018 yilda tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonovga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda. Tergov harakatlarining borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi.