Terroristik tashkilotga a’zo bo‘lganlikda ayblanayotgan Zokir Rahimov O‘zbekistonga qaytarildi. U Navoiy viloyat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlaridan so‘ng Istanbulda qo‘lga olindi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Zokir Zaripovich Rahimov (1973 y. t.) — Navoiy viloyati Karmana tumanidan. «Axborot 24» ma’lumotlariga ko‘ra, 1994 yildan 1997 yilgacha «Jihodchilar» diniy-ekstremistik oqimi a’zosi bo‘lgan va uning yig‘imlarida faol ishtirok etgan, ekstremistik ruhdagi ma’ruzalarni eshitgan. Shundan so‘ng Turkiston Islom harakati safiga qo‘shilgan, keyinroq esa Islom jihod uyushmasi xalqaro terroristik tashkiloti a’zosi bo‘lgan. 2000 yildan buyon qidiruvda edi.

1999 yilgi voqealardan so‘ng (Toshkentdagi terroristik xurujlar, jumladan birinchi prezident Islom Karimovga su’iqasd) Zokir Rahimov Tojikiston orqali chiqib ketgan va Turkiston Islom harakati terroristik tashkilotiga a’zo bo‘lib qo‘shilgan.

«Bizni o‘q otar qurollardan foydalanishga o‘qitishdi. Diniy ta’limni namanganlik Abduvali olib bordi. U O‘rta Osiyoda islom davlati tuzishga tashviqot qildi. 1999 yil oxiri-2000 yil boshidan biz 100−150 kishi bo‘lib Afg‘oniston chegarasidan o‘tib, Qunduzga bordik. 2000 yil fevral-martida Mozori Sharifdagi Turkiston Islom harakati lagerida xo‘jalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldim» — dedi Zokir Rahimov «Axborot 24"ga.

2001 yilda AQSHdagi terroristik xurujlardan so‘ng Pokistonga qochishga majbur bo‘lgan. «AQSHda 11 sentyabrdan keyingi teraktlardan keyin Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgardi. 2001 yil oxiri-2002 yil boshida Peshavorga o‘tdim. 2005 yilda Eronga keldim», — dedi u.

Eronning Mashhadida Zokir Rahimov Islom jihod kengashiga a’zo bo‘ldi. 2012 yillarga qadar soxta Tojikiston pasporti bilan yashagan.

2014 yilda u Turkiyaga Tojikistonning boshqa soxta pasporti bilan Turkiyaga ko‘chib keladi. Bu vaqtda, dasturda qayd etilishicha, u noqonuniy pasportlarga ega bo‘lgan va ekstremistik tashkilotlar a’zolaridan moddiy yordam olib turgan.

U Eron orqali Pokiston va Afg‘onistondagi jangarilar lagerlariga qo‘shiluvchi shaxslarni jo‘natib turishda muhim rol o‘ynagan, deyiladi «Axborot 24» reportajida.

Navoiy viloyat DXX tergov tadbirlarini davom ettirmoqda.