O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida yong‘in signalizatsiyasining ishlab ketgani sabablarini o‘rganadi. 15 dan 16 iyulga o‘tar kechasi o‘z-o‘zidan ishlab ketgan yong‘in signalizatsiyasi suvi Aleksandr Shevchenkoning «Chelakli ayol» suratiga shikast yetkazgan.

Bosh prokuraturadan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, mazkur holat bo‘yicha muzey xodimlari va mutaxassislari ishtirokida bayonnoma tuzilgan. Ayni paytda yong‘in signalizatsiyasining ishlab ketgani sabablari o‘rganilmoqda.

Bundan tashqari, 8 iyun kuni muzey xodimlari Nikolay Karaxanning «Tungi namoz» asarini bir zaldan ikkinchisiga olib o‘tayotgan vaqtda polga tushirib yuborib, restavratsiya qilingan qismiga shikast yetkazgan. Kartina yana restavratsiya qilinib, ekspozitsion zalga qaytarilgan.

13 iyul kuni Joldasbek Kuttimuratovning «Amudaryo» deb nomlangan yong‘oq daraxtidan tayyorlangan haykali ekspozitsiyadan olib qo‘yilgan. Bunga noma’lum hasharot aniqlangani sabab bo‘lgan. Skulptura kimyoviy ishlovdan so‘ng muzey fondiga qaytarilgan. Tez orada u o‘z joyiga qaytariladi.

Mazkur holat bo‘yicha Nukus prokuraturasi tergov tadbirlarini olib bormoqda, kompleks ekspertiza (yong‘in-texnik va badiiy) tayinlangan.

«Mamlakat madaniy yodgorliklarini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etish — prokuratura organlarining alohida nazorati ostida», — dedi Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.