O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Ulug‘bek shaharchasida (Toshkent tarkibiga kiradi) Rossiyaning «MIFI» Milliy yadro tadqiqotlari universiteti filialini ochish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Filial yadro energetikasi va issiqlik fizikasi sohasida muhandis-texnik xodimlarni tayyorlaydi, shuningdek yadro fizikasi sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib boradi.

Filial ta’lim faoliyatini 2019/2020 o‘quv yilidan boshlaydi. Ta’lim asosiy muassasa tasdiqlagan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha olib boriladi.

«MIFI» filialiga qurilishi tugallanmagan radiokimyo majmuasi va unga tutash hududlar beriladi. Bu yerda binolar rekonstruksiyasi hamda talabalar va o‘qituvchilar yashashi uchun yotoqxonani tayyorlash ishlari boshlanadi.

Davlat granti asosida tahsil olgan filial bitiruvchilari O‘zbekiston ishlab chiqarish-sanoat tashkilotlarida eng kamida besh yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

«Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, O‘zbekistonda 2028 yilgacha atom elektrostansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Majmua har birining quvvati 1200 megavatt bo‘lgan ikkita energoblokdan tarkib topadi.

19 iyul kuni prezident Vazirlar Mahkamasi huzurida «O‘zatom» atom energetikasini rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.