Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, yer usti metrosi qurilishining borishi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro qurilishi besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab Toshkent metropolitenining «Do‘stlik» bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi quriladi. 11 kilometrlik bu qismda sakkizta bekat bunyod etiladi.

«Jamoat transportining faqat neft yoki gazga bog‘lanib qolishi noto‘g‘ri. Yer usti metrosi arzon, qulay va xavfsiz. Eng muhimi, bu boshqa jamoat transportlaridagi yuklamani o‘ziga oladi, shahar markazidagi tirbandlikni kamaytiradi. Yo‘l haqi tushumiyam vaqtida va joyida bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu jihatlarni hisobga olib, qurilishni tezlashtirish, ishni bir necha smenada tashkil etib, ertaroq qurib bitkazish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident yer usti metrosining birinchi bosqichini kelgusi yil Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.