O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni ilm-fan va oliy ta’lim sohasi xodimlari mehnatiga to‘lovlar hajmlarini oshirish, shuningdek ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Yangi qarorda 1 avgustdan Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlari oyliklarini 2 barobarga, 1 sentyabrdan ITI muhandis-texnik xodimlar oyliklarini mansabi va ilmiy faoliyatidan kelib chiqib 30 foizdan 100 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, kelgusi yildan ikki bosqichda davlat byudjeti hisobdan fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlar bo‘yicha ilmiy-texnik dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan ITI rahbar va ilmiy xodimlari, ilmiy faoliyatni konstruktorlik va texnologik ta’minlash hamda ilmiy laboratoriya uskunalariga xizmat ko‘rsatish bilan band bo‘lgan ITI muhandis-texnik xodimlari, shuningdek OTMlarning rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkiblari maoshlari 1 yanvardan — 20 foizga, 1 iyuldan — 25 foizga oshiriladi.