Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 17 iyuldagi qarori bilan Davlat boji stavkalariga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga beriladigan arizalardan quyidagi miqdorlarda boj undiriladi:

mulkiy tusdagi da’vo arizalaridan — da’vo bahosining 4 foizi (oldin — 2 foiz) miqdorida, biroq eng kam oylik ish haqining bir baravari (oldin — 50 foiz) ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan — eng kam ish haqining 2 baravari (oldin — 50 foiz) miqdorida;

takroriy nikohni bekor qilish haqidagi da’vo arizalaridan — eng kam ish haqining 4 baravari (oldin — 120 foiz) miqdorida;

uy-joylarni ijaraga olish shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo arizalaridan, vorislikni qabul qilish muddatini uzaytirish haqidagi, xatlangan mulkni qaytarib berish to‘g‘risidagi va mulkka oid bo‘lmagan tusdagi (yoki baholanmaydigan) boshqa da’vo arizalaridan — eng kam ish haqining 2 baravari (oldin — 50 foiz) miqdorida;

alohida ko‘riladigan ishlar bo‘yicha ariza (shikoyat)lardan — eng kam ish haqining 1 baravari (oldin — 10 foiz) miqdorida.

Iqtisodiy sudlarga kiritiladigan mulkiy tusdagi da’vo arizalaridan — da’vo bahosining 2 foizi (oldin — 1 foiz) miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda boj undiriladi.