2018 yilning 19 iyul kuni soat 4.54 da Toshkent shahar IIBB YOXBga Mirobod tumani, Oybek ko‘chasi, 9 qavatli 44-uyning 1-qavatida joylashgan do‘konda yong‘in yuz bergani haqida xabar kelib tushdi.

Shaxsiy tarkibning tezkor va muvofiqlashgan harakatlari natijasida soat 5.19 da yong‘in bartaraf etildi.

Yong‘in natijasida do‘kon mahsulotlari yongan. Odamlar orasida qurbonlar va tan jarohati olganlar yo‘q. Toshkent shahar IIBB YOXB xodimlari do‘konga yaqin joylashgan 6 kvartirada yashovchi aholini qutqarishdi.

Yong‘inning taxminiy sababi — elektr simlaridagi qisqa tutashuvi bo‘lgan. Yong‘in kelib chiqishining aniq sabablari tegishli tekshiruv o‘tkazilganidan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, zarar miqdori ham o‘rnatilmoqda.

Aynan shu kuni soat 5.17 da IIBB YOXBga Mirobod tumani, Nukus ko‘chasi 71-uyda joylashgan «Sigma» biznes markazi binosida yong‘in yuz bergani haqida yana bir murojaat kelib tushdi.

Yong‘inga qarshi kurashuvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib bordilar. Shaxsiy tarkibning tezkor va muvofiqlashgan harakatlari natijasida soat 5.49 da yong‘in bartaraf etildi. Yong‘in natijasida binoning tashqi qatlami va 9 qavatli binoning 4-qavatida joylashgan sog‘lomlashtirish markazining hududiga zarar yetdi. Odamlar orasida qurbonlar va tan jarohati olganlar yo‘q.

Mazkur yong‘inga sog‘lomlashtirish markazidagi SPA-salonda elektr uskunalarining o‘chirmay qoldirilgan sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

O‘z navbatida Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi iqtisodiy va ijtimoiy soha ob’ektlarining barcha rahbar va xodimlaridan yong‘in xavfsizligi qoidalariga qattiq amal qilishni, elektr uskunalarini nazoratsiz qoldirmaslikni, gaz va elektr jihozlarini foydalanish qoidalariga amal qilishni, elektr simiga ortiqcha yuklama tushirmaslikni so‘raydi.