Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov o‘zining telegram messenjeri ishga tushgani haqida Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.

Erkinjon Turdimov mazkur telegram messenjer xalq bilan bevosita muloqot o‘rnatish, joylardagi haqiqiy ahvol to‘g‘risida aniq ma’lumot olish maqsadida ishga tushirilgani haqida eslatib, fuqarolardan nafaqat shaxsiy, balki viloyatning barcha hududida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda uchrayotgan muammolarni ko‘tarib chiqishga chaqirgan.

«To‘g‘ri, joylarda hali muammolar anchagina. Buni tan olamiz. Ayrim rahbarlar va mutasaddilar sizning murojaatingizni to‘laqonli yechib bermayapti, korrupsiya, ta’magirlik kabi illatlardan qutula olmayapmiz.

Yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, jamiyatimiz rivoji, fuqarolar og‘irini yengil qilish, yurtdoshlarimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflaringizni bildirishingizni so‘rayman.

Siz tomoningizdan yo‘llangan murojaatlar, albatta o‘rganib chiqiladi va ularni yechish yo‘llari izlanadi" deyiladi feysbuk sahifasidagi xabarda.

Murojaatlarni quyidagi raqamga yo‘llash mumkin: +99897−405−40−06.