18 iyul kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimi O‘zbekiston fuqarosi Ma’rufjon Shakarovga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida Moskva shahridagi Jazoni ijro etish federal xizmatining 1-tergov izolyatoriga (SIZO-1) tashrif buyurdi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuv chog‘ida Ma’rufjon Shakarov sog‘ligidan shikoyat qilmadi. Har kuni SIZO rahbariyati u bilan suhbat o‘tkazmoqda, vrach tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Tez tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiluvchi holatlar mavjud emas.

SIZO-1 rahbariyati bergan izohga ko‘ra, agar Ma’rufjon Shakarov ochlik holatini to‘xtatsa, sog‘lig‘ini tiklashi uchun tibbiy bo‘limga joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Ma’rufjon Shakarov (1996 y. t.) 2017 yil 13 dekabrda Moskvaning Preobrajenskiy tuman sudi tomonidan sotish maqsadida yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini o‘g‘irlash va saqlash aybi bo‘yicha 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

14 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Moskva shahar sudi Sud kollegiyasi appellyatsion qarori bilan Ma’rufjon Shakarovning harakatlari yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini sotish maqsadisiz saqlash etib qayta malakalandi. Shuningdek, 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazo chorasi 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etishga o‘zgartirildi.

Shakarov sud qaroriga norozilik belgisi sifatida bir oydan ziyodroq vaqtdan beri ochlik e’lon qilib kelmoqda.