O‘zbekiston prezidentining 18 iyuldagi qarori bilan arzon uy-joylarni ipoteka krediti asosida olish shartlariga o‘zgartishlar kiritildi.

2020 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda 20 yil muddatga, 3 yillik imtiyozli davr hamda birinchi 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida ipoteka kreditlari rasmiylashtiriladi.

Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish uchun uy quruvchilarga dastlabki badal:

0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki, uch, to‘rt, besh qavatli ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) va 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun — 10 foiz miqdorida;

0,04 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan arzon uy-joylar va 0,06 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 3, 4 va 5 xonali arzon uy-joylar uchun — 25 foiz miqdorida bo‘lishini nazarda tutgan holda;

shaharlarda yosh oilalarga, eski uylarda yashovchilarga va turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga dastlabki badalning tabaqalashtirilgan miqdorini amaliyotga joriy etgan holda, arzon ko‘p kvartirali uylarni o‘rtacha 15 foiz miqdoridagi dastlabki badal bilan sotib olish uchun beriladi.

Arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha dasturda «Qishloq qurilish bank» ATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, «Ipoteka bank» ATIB, Xalq banki ATB, «Asaka» ATB va «O‘zsanoatqurilishbank» ishtirok etadi. Ularning arizalari bo‘yicha Moliya vazirligi kredit liniyalarini ochib beradi. Bundan tashqari, joriy yilda qishloq joylarda arzon uy-joylar qurilishi davlat byudjetidan qo‘shimcha moliyalashtiriladi.