Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi Norma.uz saytida muhokama qilinmoqda.


Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda talablar kamaytiriladimi

Loyihada xorijiy investitsiyalarni mahalliy iqtisodiyotga jalb etish mexanizmlarini soddalashtirishga yo‘naltirilgan bir nechta chora-tadbirlar taklif qilingan. Investitsion faollikka va xorijdan kichik miqdordagi mablag‘lar jalb etilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Birinchidan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona ustav fondidagi xorijiy qo‘yilmalarning eng kam miqdorini pasaytirish rejalashtirilmoqda. Hozir tashkilotlarni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar deb tan olish mezonlaridan biri — kamida 30% miqdoridagi xorijiy ulushning mavjudligi hisoblanadi. Ushbu chegarani 15%gacha pasaytiradilar.

Ikkinchidan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar ustav fondidagi yuqorida ko‘rsatilgan ulush egasi xorijiy yuridik shaxs bo‘lishi kerakligi haqidagi talab bekor qilinadi. Shu tariqa, investorlar — jismoniy shaxslar uchun imkoniyatlar kengayadi.

Uchinchidan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar ustav fondining eng kam miqdori 600 mln so‘mdan 400 mln so‘mgacha pasaytiriladi.

Ma’lumot uchun: yuqorida ko‘rsatilgan talablar «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida"gi Qonunning 6-moddasida, shuningdek prezidentning 30.11.1996 yildagi «Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga beriladigan qo‘shimcha rag‘batlantirish omillari va imtiyozlar to‘g‘risida"gi farmoni 1-bandida keltirilgan.

To‘rtinchidan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori 3 baravar pasaytiriladi. Eslatib o‘tamiz, hozir Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq uning miqdori hujjatlarni o‘zi kelib topshirganda 32 EKIHni va internet orqali ro‘yxatdan o‘tganda 16 EKIHni tashkil etadi.

Beshinchidan, xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish muddati 1−3 yildan 5 yilga oshiriladi. Akkreditatsiya qilganlik uchun to‘lov esa aksincha 3 baravar, 1200 AQSH dollaridan 400 AQSH dollarigacha pasaytiriladi.

Shuni qayd etib o‘tamizki, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga bir qator soliq imtiyozlari berilgan. Ular bilan bu yerda tanishish mumkin. Bunda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona maqomi bilan bog‘liq maxsus imtiyozlardan tashqari, bunday tashkilotlar oddiy korxonalar qatori boshqa barcha imtiyozlardan foydalanishga haqlilar.


Yirik investitsiyalar bilan kelganlar O‘zbekistonda muammosiz yashaydi

Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar quyidagilarni xarid qilish ko‘rinishida O‘zbekistonga kamida 200 ming AQSH dollarini investitsiya qilganlarida:

yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk ob’ektlarini — yashash uchun guvohnoma soddalashtirilgan tartibda beriladi;

xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini, shuningdek xorijiy korxona tashkil etganda — respublika hududidan chiqish zaruratisiz amal qilish muddatini cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan 3 yilgacha muddatga ko‘p martalik viza beriladi.

IIV mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor sohalariga salmoqli investitsiyalar kiritgan xorijiy shaxslarga «Faxriy fuqaro» maqomini berish masalasini ham o‘ylab ko‘radi.


Yer olish va investitsiya shartnomalarini tuzishning soddalashtirilgan tartibi

Tumanlar (shaharlar) hokimlariga xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini 50 yilgacha bo‘lgan, biroq arizada ko‘rsatilgan muddatdan kam bo‘lmagan muddatga uzoq muddatli ijaraga berish huquqini berish taklif etildi. Hozir shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish ob’ektlarini loyihalashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq masala Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga esa qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida xorijiy investorlar bilan 10 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lmagan xorijiy investitsiyalar ulushiga ega investitsiya loyihalarini amalga oshirishda investitsiya shartnomalarini tuzishlariga ruxsat beriladi. Investitsiya shartnomalarini tuzish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizomga muvofiq, hozir investitsiya shartnomasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi orqali hukumat hamda xorijiy investor (investorlar) o‘rtasida tuziladi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.