Respublika ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar shaxmat maktabiga Osiyo shaxmat federatsiyalari — Janubiy Koreya, Vetnam, Mo‘g‘uliston, Tailand, Bangladesh, Falastin, Afg‘oniston, Nepal, Laos, Iordaniya, Myanma, Tojikiston, Turkmaniston rahbarlari tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mehmonlar FIDE prezidenti Kirsan Ilyumjinov hamda Rossiya shaxmat federatsiyasi vasiylik kengashi a’zosi Arkadiy Dvorkovich hamrohligida keldi.

Shaxmat mutasaddilari maktab hayoti bilan yaqindan tanishib, o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ldi. Shuningdek, bolalar bilan dona surib ko‘rishdi.

Muloqot chog‘ida FIDE prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surgan Arkadiy Dvorkovich o‘z dasturini ma’lum qildi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidentligiga saylov joriy yilning 3 oktyabrida Batumida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan FIDE kongressida bo‘lib o‘tadi.