Yanvar-iyunida O‘zbekiston YAIM hajmi joriy narxlarda 152,5 trln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 4,9 foizga o‘sdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi.

YAIM deflyatori indeksi 2017 yilning yanvar-iyunidagi narxlarga nisbatan 135,4 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga hisoblangan YAIM 4,6 mln so‘mni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga yuqoridir.

Yarim yil davomida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha YAIM ni ishlab chiqarish quyidagi ma’lumotlar bilan ifodalanadi:

Iqtisodiy o‘sish sur’ati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat (keyingi o‘rinlarda YAQQ) hajmi YAIM umumiy hajmining 85,5foiz ini tashkil etdi va 5 foizga o‘sdi (YAIM mutloq o‘sishiga ta’siri 4,4 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 14,5 foizni tashkil etdi va 4,5 foiz darajasida o‘sish qayd etildi (YAIM mutloq o‘sishiga ta’siri 0,5 f.p.).

Yanvar-iyun oylarida YAIMning iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘sish sur’atlari

YAIM o‘sish sur’atiga xizmatlar sohasi eng katta ta’sir ko‘rsatdi (1,9 f.p.) va bu soha o‘tgan yilning yanvar-iyuniga nisbatan 4,4 foizga o‘sdi. Jumladan, savdo, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 1,7 foizga, tashish va saqlash, axborot va aloqa 5,6 foizga va boshqa xizmatlar 5 foizga o‘sdi.

Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 6,1 foizlik o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YAIM mutloq o‘sish sur’atiga ijobiy ta’siri 1,4 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmog‘idagi ijobiy dinamika tog‘ — kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 34,3 foizga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 0,9 foizga va boshqa sanoat tarmoqlarining 2,0 foizga o‘sishi hisobiga ta’minlandi.

Yanvar — iyun oylarida sanoat tarmog‘ining yalpi qo‘shilgan qiymati tarkibi

Qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 9,7 foizga o‘sdi. YAIMning mutloq o‘sishida qurilish tarmog‘ining ijobiy hissasi 0,7 f.p. darajasida baholandi.

Hisobot davrida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida ham 2,7 foiz darajasida ijobiy o‘sish sur’ati qayd etildi. Mazkur tarmoqning YAIM mutloq o‘sish sur’atiga ta’siri 0,4 f.p. ni tashkil qildi.

Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining YAIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 0,5 f.p. ga kamaydi va 16,7 foizni tashkil qildi.

Sanoatning ulushi 26,1 foiz dan 30,6 foizga oshdi, qurilish tarmog‘ining ulushi esa, o‘tgan yilgi darajada saqlanib qoldi va 7,4 foizni tashkil qildi.

Xizmatlar sohasining YAIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 45,3 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri (49,3 foiz) bilan taqqoslaganda 4,0 f.p. ga kamaydi.