Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 12 oktyabrdan amalga joriy etilayotgan axborot uzatish tarmoqlari xizmatlarini ko‘rsatish qoidalaridagi yangiliklarga izoh berdi.

Avvalroq Wi-Fi xizmati foydalanuvchilarning shaxsi identifikatsiyalanganda hamda foydalanilgan veb-resurslar (log-fayllar) hisobini yuritgan holda taqdim etilishi ma’lum qilingan edi.

«Bugungi kunda shaharlarimizning katta qismi Wi-Fi tarmoqlari bilan qoplab olingan. Aksariyat jamoat joylarida, savdo markazlari hamda binolarda Internetga Wi-Fi orqali ulanish joriy qilingan, — deyiladi AKT vazirligi izohida. — Biroq ochiq Internet tarmoqlaridan qonunga xilof maqsadlarda (tovlamachilik, korrupsiya) foydalanish, terrorchilik harakatlarida qo‘llash ko‘lamining oshib borayotgani hamda boshqa omillar jamoat joylarida Wi-Fi orqali Internet xizmatlari ko‘rsatishni tartibga solishni taqozo qilmoqda».

Vazirlik Wi-Fi foydalanuvchisi shaxsini tasdiqlash axborot xavfsizligini ta’minlashini ma’lum qildi.

Foydalanuvchilar o‘z shaxslarini mobil telefon raqamlari orqali yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi ma’lumotlar (chipta, mehmonxonadan ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari) orqali tasdiqlashlari mumkin. Foydalanuvchi mobil telefoni orqali shaxsini tasdiqlamoqchi bo‘lsa, cheklangan muddatda faoliyat ko‘rsatuvchi (10 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan) hamda foydalanuvchining telefon raqamiga SMS-xabar tarzida yuborilgan bir martalik kirish paroli (One Time Password) dan foydalaniladi.

Wi-Fi xizmati tashkilotchisi foydalanuvchining telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatilayotgan shaxsiy ma’lumotlari hamda xabarlarining maxfiyligini ta’minlashi shart. Mazkur holat bo‘yicha cheklovlar qonunchilikda ko‘zda tutilgan holatlarda amal qilishi mumkin;

Wi-Fi xizmatlarining sifatli ko‘rsatilishi yuzasidan nazorat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi zimmasiga yuklatiladi. Mazkur hujjatni tayyorlash jarayonida Vazirlik mutaxassislari hamda ekspert guruhi xalqaro tajribani yaqindan o‘rgangan, shuningdek hujjat Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihasini muhokama qilish portalida jamoatchilik e’tiboriga havola qilingan.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, Wi-Fi tarmog‘iga imtiyozli ulanish jamiyatning «shaxsi tasdiqlangan» hamda Wi-Fi tarmog‘i rivojiga hissa qo‘shuvchi a’zolariga beriladi. Misol uchun, o‘z uyining tom qismiga Wi-Fi qurilmalari o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlagan shaxslarga. Estoniya, Parij, Isroil, Finlyandiya kabi mamlakatlar qonunchiligida bunday jihat ko‘zda tutilgan.

Jamoat joylarida Wi-Fi tarmog‘idan o‘z shaxsini tasdiqlash orqali foydalanish amaliyoti xorijda, jumladan Italiya, Janubiy Koreya va bir qator davlatlarda joriy qilingan. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarida, xususan Rossiyada 2014 yildayoq axborot-telekommunikatsiya tarmog‘i (Internet) da axborot almashishni tartibga solishga oid qonun qabul qilingan.

«Tushunish kerakki, bugun foydalanuvchilar, jumladan sayyohlar va turli mamlakatlardan tashrif buyurayotgan mehmonlar aeroport, vokzal, mehmonxona va jamoat transportlari, madaniy-sayyohlik ob’ektlarida mavjud ochiq Internet tarmoqlaridan xavfsiz foydalanishni istaydilar. Shu bois ham, yuqorida nomi keltirilgan hujjatda Wi-Fi tarmog‘i xavfsizligini ta’minlash va undan foydalanishda shaxsni tasdiqlashning sodda usullaridan foydalanish belgilab berilgan», — deyiladi izohda.