O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi yanvar-iyun oylarida 17,7 mlrd AQSH dollarini, shu jumladan eksport 7,8 mlrd va import 9,9 mlrd dollarni tashkil qildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi.

Yarim yil davomida tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 2,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport tarkibida energiya manbalari va neft mahsulotlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 78,5%ga o‘sishi tabiiy gazning 1,9 martaga oshgani hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar esa 5,3% ga o‘sdi, shundan plastmassa va plastmassa buyumlarining eksporti 18,7%ga oshdi. Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,4%ga o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmining 58,9%ga o‘sishiga olib keldi.

Import tarkibida asosiy ulush mashina va asbob-uskunalar (umumiy import hajmida 33,8%) va kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (11,5%) hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Eksport tarkibining umumiy hajmidan 30,8%ni (2,4 mlrd dollar) xizmatlar tashkil qildi, bunda transport xizmatlari 10,5%ni va safarlar 18,4%ni tashkil qildi.

MDH davlatlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari tashqi savdo aylanmasida asosiy hamkorlar hisoblanib, ularning jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 28,4%ni tashkil qildi, boshqa davlatlar orasida Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Afg‘oniston, Germaniya, AQSH, Latviya, Eron, Fransiya davlatlari hisoblanib, ularning ulushi 33,8%ni tashkil qilmoqda.

Import tuzilmasida asosida ulush mashina va uskunalar — 33,8% (3,3 mlrd dollar) va xizmatlar — 24,3% (2,4 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keldi. 1,1 mlrd dollarlik (11,5 foiz) kimyo mahsulotlari va buyumlari import qilingan. Oziq-ovqat mahsulotlari importi 845,1 mln dollar (8,6 foiz), qora va rangli metallar — 782,8 mln dollari (7,9 foiz), energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari — 487,5 mln dollar, boshqa mahsulotlar esa 889,5 mln dollarni tashkil etdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 463,2 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 73,3 foizlik o‘sish kuzatildi. Oziq-ovqat mahsulotlarining 51,9 foizi Qozog‘iston, 15,2 foizi Rossiya, 8,6 foizi Qirg‘iziston, 5,5 foizi Afg‘oniston, 4,1 foizi Xitoy, 3 foizi Vetnam, 2,1 foizi Turkiya, 1,8 foizi Pokiston va 1 foizi Eronga eksport qilingan.

To‘qimachilik mahsulotlarining umumiy eksportdagi ulushi 8,4 foizni tashkil etdi. Yarim yil davomida 652 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,7 foizlik o‘sish qayd etildi.