Akademik Fyodor Rusanov nomidagi Botanika bog‘i hududida Botanika instituti, Milliy gerbariy va Botanika muzeyini joylashtirish uchun yangi bino quriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 17 iyuldagi qarorida so‘z boradi.

Mazkur hujjatda Botanika muzeyini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Muzey Botanika institutining ilmiy-tadqiqot va o‘quv-amaliy faoliyatidagi yutuqlarini ommalashtirish, shuningdek, keng jamoatchilikni O‘zbekistonning o‘ziga xos o‘simliklari xilma-xilligi bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Botanika instituti O‘zbekistonning tabiiy o‘simliklar xilma-xilligini o‘rganish sohasidagi yagona davlat ilmiy muassasa sifatida belgilandi.

Institut tarkibida noyob va endem o‘simlik turlari bo‘yicha maqsadli ilmiy-tadqiqotlarni olib borish va O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi nashrlarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash vazifalari yuklatilgan noyob o‘simliklar turlari kadastri va monitoringi laboratoriyasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, institutda O‘zbekiston tabiiy florasining taksonomik xilma-xilligini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha tizimli tadqiqotlar olib borish, o‘simliklarning invaziv turlari tarkibini va geografik tarqalishini belgilash, alohida ahamiyatga ega botanik hududlarni aniqlash hamda o‘simliklar dunyosining zamonaviy nomenklaturasi va filogenetik tizimi asosida «O‘zbekiston florasi"ning yangi nashrlarini tayyorlash vazifalari yuklatilgan O‘zbekiston florasi laboratoriyasi ochiladi.

«G‘o‘za genofondi» noyob ilmiy ob’ekti va issiqxona kompleksi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutiga, Institutning anatomiya va sitoembriologiya, daraxt va o‘t o‘simliklari introduksiyasi, shuningdek, dorivor o‘simliklar laboratoriyalari akademik Fyodor Rusanov nomidagi Botanika bog‘iga o‘tkaziladi.