O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xalq ta’limi tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha vazifalar berdi.

Yig‘ilishda ta’lim tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ayniqsa, o‘quv jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish uchun o‘quvchilar, ota-onalar, o‘qituvchilar va maktablar ma’lumotlar bazalarini yaratish, ularni boshqa markazlashgan bazalarga ulash zarurligiga to‘xtalib, o‘quvchilarni birinchi sinfga qabul qilish, maktabdan maktabga ko‘chirish va boshqa xizmatlarni elektron shaklga o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilmaganligi ta’kidlandi.

Eng muhim masalalardan biri hanuzgacha o‘qituvchilar o‘z ish kunining o‘rtacha 4 soatini hujjatlarni to‘ldirishga, qog‘ozbozlik bilan shug‘ullanishga sarflayotganligi keskin tanqid qilindi.

Dunyoning rivojlangan davlatlarida, jumladan, Rossiyada davomat jurnali, kundalik, tabel va boshqa ta’lim sifatiga oid ma’lumotlar allaqachon elektron shaklga o‘tkazilganligi misol sifatida keltirildi.

Bundan tashqari, o‘quvchilarni identifikatsiyalash va ularni sog‘liqni saqlash, huquq-tartibot va boshqa tizimlar bilan bog‘lash, «Xavfsiz maktab» dasturlarini joriy etish vazifalari berildi. Hozirgi kunda atigi 7 foiz maktablar optiktolali aloqa orqali Internetga ulangani, maktablarning 37 foizida zamonaviy kompyuter texnikalari mavjudligi, maktablarni yuqori tezlikdagi Internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.