«Taraqqiyot strategiyasi» markazi hukumatning avtotransport vositalariga pul to‘lash evaziga tonirovka (mashina oynalarini qoraytirish) qilinishiga ruxsat berish haqidagi qaroriga munosabat bildirdi.

Avval xabar berganimizdek, Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan loyihada tonirovkaga ruxsat berilishi va o‘rnatilishi uchun jismoniy shaxslarga eng kam oylik ish haqining 90 barobari miqdorida, yuridik shaxslarga 120 barobari miqdorida va xorijiy davlatlarning yuridik shaxslariga 140 barobari miqdorida yillik to‘lov amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Markaz o‘zining munosabatida markaz bundan jamoatchilikning norozi bo‘layotganiga, bu birinchi navbatda tonirovkaning narxi o‘ta qimmat ekanligiga bog‘liqligiga e’tibor qaratdi.

Markaz ekspertlarining fikriga ko‘ra, yilning 300 kuni quyoshli bo‘ladigan O‘zbekistonda tonirovka qilingan oynaning bir qator foydali jihatlari bor. U mashina salonida bo‘lgan odamlarni quyoshning o‘tkir nurlaridan saqlaydi, ultrabinafsha nurlarning zararli ta’sirini, shuningdek, issiqlik va quyosh nuri ta’sirini ham kamaytiradi.

Oynasi tonirovka qilingan mashina salonida konditsionerdan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj pasayadi va bu yoqilg‘ining iqtisod qilinishiga va atmosferaga kamroq zararli chiqindilar chiqishiga sababchi bo‘ladi, deya ta’kidlagan ekspertlar.

Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan holatlarda tonirovka plyonkasi oyna siniqlari sochilib ketishining oldini olishi mumkin. Shuningdek, tonirovka qilingan oynalarni bezorilar sindirishi qiyin bo‘lishi ekspertlarning munosabatida ta’kidlab o‘tilgan.

Mazkur hujjatda avtomobil orqa oynasining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 5 foizdan kam bo‘lmasligi, orqa o‘rindiqning yon tomonlaridagi oynalarning yorug‘lik o‘tkazuvchanligi esa 30 foizdan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan. «Bunda qoidalarni amalga tatbiq etish uchun jamoat tartibi va xavfsizligi nuqtai nazaridan ma’lum asoslar bo‘lishi mumkin. Biroq bu fuqarolarga noqulaylik tug‘diryapti», — deyiladi munosabatda.

«Savol tug‘iladi, — deya davom etadi mualliflar, — Tonirovka o‘rnatilgan avtomobillar bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan YHH haqida biror ma’lumot bormi? Afsuski, bu borada biror javob yoki axborot yo‘q».

Markaz ekspertlarining ta’kidlashicha, taklif etilayotgan loyiha aholi orasida norozilik keltirib chiqarishi mumkin. «Bu shuni anglatadiki, aholining barcha qatlami moliyaviy sabablarga ko‘ra bu xizmatdan foydalana olmaydi. Xususan, belgilangan to‘lov miqdori o‘rtacha 2 mln. so‘m oylik maosh oluvchi o‘qituvchi, shifokor yoki boshqa byudjet tashkiloti xizmatchisining 9 oylik maoshining miqdoriga to‘g‘ri keladi. Pensionerlar esa bu xizmatdan deyarli foydalana olmaydi.

Qaror loyihasi avvalida ta’kidlanganidek, hujjat avvalo transport vositalari haydovchilari va mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilmoqda. Ammo, shu o‘rinda ushbu to‘lov miqdori va muddatini belgilashdan ko‘zlangan maqsad, to‘lov qiymatini asoslovchi omillar, qo‘llanish ko‘lamining tavsifi va yana boshqa tabiiy savollar tug‘iladi. Shuningdek, yilda bir marotaba tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun ruxsatnoma olish uchun murojaat qilish — navbatdagi byurokratiya omillarining paydo bo‘lishiga olib kelmaydimi?

Ushbu masalani yanada kengroq tahlil qilish maqsadida xorijiy davlatlar tajribasi bilan tanishish mumkin. Qator rivojlangan davlatlar, xususan, orqa va yon orqa oynalari 100 foiz tusi o‘zgartirilgan transport vositalaridan foydalanishga Buyuk Britaniya, Germaniya va Ispaniyada ruxsatnoma raqamiga va oyna tusi kim tomonidan o‘zgartirilganligi haqidagi ma’lumotni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish sharti bilan, Belgiya, Chexiya, Fransiya, Italiya, Polshada esa tusi o‘zgartirilgan oyna sertifikatlangan bo‘lishi sharti bilan bepul ruxsat etiladi. Bu holat yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi sabab va omillar sifatida umuman qaralmaydi. Aksincha, transport vositasiga kiradigan quyosh nurlaridan himoyalanish, orqadan kelayotgan transport vositasining chiroq nurlarini qaytarish sifatida qaraladi.

Pullik ruxsat berish tizimi mavjud bo‘lgan mamlakatlardan qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida transport vositasi orqa va yon orqa oynalarini tusini o‘zgartirishga ruxsat olish uchun to‘lov bir yilga 200 AQSH dollariga teng miqdorda hamda Tojikiston Respublikasida bir yilga 310 AQSH dollariga teng miqdorda undirilishi belgilangan. Bu esa O‘zbekistonda taklif etilayotgan to‘lov miqdori bilan taqqoslaganda Qirg‘iziston Respublikasidan deyarli 20 baravarga, Tojikiston Respublikasidan qariyb 7 baravarga qimmat degani.

O‘zbekistonda tusi o‘zgartirilgan oynalardan foydalanish, eng avvalo, issiq iqlim sababli majburiyat yuzasidan transport vositasi foydalanuvchilariga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotganligini inobatga olish lozim. Shu nuqtai nazardan, ushbu xizmat barcha uchun qulay, ijtimoiy tenglik tamoyilidan kelib chiqib, adolatli amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Markaz ekspertlarining fikriga ko‘ra, oynalarni qoraytirishga to‘lov evaziga ruxsat berish asoslangan va lozim topilgan taqdirda ham ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun barchaga teng sharoit yaratish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan foydalanish uchun belgilanadigan to‘lov qiymatining yuqoriligi iqtisodiy jihatdan ushbu xizmatdan foydalanishdan kelib tushadigan mablag‘ miqdorining kamayishiga olib keladi. Aksincha, to‘lov miqdorini kamaytirgan holda, xizmatdan foydalanuvchilar sonini oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Markaz ekspertlarining fikricha, mazkur hujjat kuchga kirishi bilan tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositasidan ruxsatnomasiz foydalanganlik uchun ma’muriy jazo choralarini kuchaytirish lozim. Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘z.R. MJtKning 136-moddasida ko‘zgusimon hamda tegishli standartlarni buzgan holda tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynalar o‘rnatilgan transport vositasidan foydalanganlik uchun huquqbuzar eng kam oylik ish haqining bir baravari, jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida sodir etilganda EKOIHning ikki baravari miqdorida ma’muriy jarimaga tortilishi belgilangan.