Samarqand xalqaro aeroportida Turkiyadan uchib kelgan yo‘lovchilarni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida bir qator qonunbuzarlik holatlari fosh etildi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Jumladan, «Istanbul-Samarqand» yo‘nalishida uchib kelgan yo‘lovchilarni kutib olishga chiqqan fuqaro H.H.ning xatti-harakatlari bojxona xodimlari e’tiborini tortdi. Bojxona hamda IIB tezkor xodimlari tomonidan fuqaro H.H. to‘xtatilganida, u o‘z ixtiyori bilan cho‘ntaklaridagi zargarlik tilla taqinchoqlarini taqdim etdi.

Fuqaro H.H. «Istanbul-Samarqand» yo‘nalishida uchib kelgan va yo‘lovchilardan ushbu zargarlik buyumlarini yig‘ib olgan. Ular xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida jami 23 dona, dastlabki bahoga ko‘ra, qiymati 39 681 900 so‘mni tashkil etuvchi og‘irligi 172,53 gramm ayollar tilla taqinchoqlari ekani aniqlandi.

Olib borilgan surishtiruv jarayonida fuqaro H.H. unga ushbu zargarlik buyumlarini Turkiyadan tanishi jo‘natib yuborganini aytgan. Ularni bildirmay olib o‘tish uchun pul evaziga uch yo‘lovchidan foydalangan.

Bojxona xodimlarini aldamoqchi bo‘lgan shaxslarning qilmishi fosh etilib, tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.

Bundan tashqari, shu kuni Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yana ikki nafar shaxs tomonidan zargarlik buyumlarini qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish holati ham aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan jami 270,52 gramm tilla zargarlik buyumlari olib qo‘yildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga ko‘ra jismoniy shaxslar tomonidan vazni 65 grammgacha bo‘lgan qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini bojsiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Samarqand viloyati bojxonachilari tomonidan 1 kilogrammga yaqin tilla buyumlari to‘xtatib qolingan.