Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi hamda Samarqand shahar 2-son tug‘uruqxonasida fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatlardagi har bir holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi professorlari va Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbar-xodimlaridan iborat guruh o‘rganish ishlarini olib bordi.

Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi hamda Samarqand shahar 2-son tug‘uruqxonasida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvidan so‘ng tibbiyot muassasasining ayrim shifokor va hamshiralari o‘z xizmat vazifasi, aholi oldidagi burchiga panjara ortidan qarab kelgani, ona va bola salomatligi, patronaj ishlari sust olib borilgani aniqlandi. Berilgan topshiriqlarini to‘la-to‘kis bajarmay, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi.

Xususan, Pastdarg‘om tumanidagi 28-qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri T.Hakimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Ushbu muassasaning akusher-ginekologi M.Rashidova, umumiy amaliyot shifokori Sh.Muhiddinova, patronaj hamshirasi G.Hasanova va doya D.Mardiyevalarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, Samarqand shahar 2-son tug‘uruqxona bosh vrachi I.Hazratqulov, ginekologiya bo‘limi akusher-ginekologi D.Hasanova ona va bola salomatligiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani uchun belgilangan tartibda egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Mazkur tug‘uruqxonaning yana bir guruh xodimlariga xizmat vazifasini lozim darajada bajarmay, bemor sog‘ligiga nisbatan beparvolik bilan yondashgani uchun qat’iy intizomiy choralar ko‘rildi.