Xalq ta’limi tizimida qurilish-ta’mirlash ishlari maxsus tashkil etilayotgan Injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. 17 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda topshiriq berdi.

Yig‘ilishda maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish bo‘yicha bir necha bor davlat dasturlari qabul qilinib, amalga oshirilgan bo‘lishiga qaramay, ularning 60 foizi ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi, buning asosiy sababi qurilish-ta’mirlash ishlariga «nopok» pudratchilarni jalb etib kelinayotganligi tanqid qilindi. Davlat rahbari Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduhakimovga xalq ta’limi tizimida maxsus Injiniring kompaniyasini tashkil etish, moliyaviy nazoratni kuchaytirish uchun xalq ta’limi tizimida avvalgidek nazorat-taftish tizimini emas, balki xorij tajribasidan kelib chiqib, moliyaviy boshqarish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, xalq ta’limi tizimida moliyalashtirish masalalari mutlaqo qoniqarsiz ahvolda ekanligi ta’kidlanib, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga 2019 yil uchun davlat byudjetini shakllantirishda xalq ta’limi sohasiga moliyalashtirishni oshirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratish, tizimga yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun Xalq ta’limi vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etish bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yildi.