O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashganlarning bor-yo‘g‘i 7 foizi, o‘qituvchilar orasida esa 3 foizi farzandi o‘qituvchi bo‘lishini xohlaganini keskin tanqid qildi.

Davlat rahbari o‘qituvchilik kasbining ijtimoiy mavqeini oshirish borasida xalqaro ilg‘or tajribalar va tadqiqotlarga alohida to‘xtalib, Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan so‘rovda 55 foiz aholi farzandi o‘qituvchi bo‘lishini istaganini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda o‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ish faoliyatiga tegishli bo‘lmagan ishlarga, ya’ni obodonlashtirish, majlislarda qatnashish, obunaga jalb qilish, uyma-uy yurish va boshqa tadbirlarga umuman jalb qilmaslik, turli nazorat organlari va hokimlikka tegishli tashkilotlar tomonidan o‘qituvchilar faoliyatini tekshirish va o‘rganishlar qat’iy cheklash topshirig‘i berildi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning haq-huquqlarini himoyalash uchun maxsus huquqiy xizmatni shakllantirish, ommaviy axborot vositalari orqali o‘qutuvchining obro‘sini oshirishga qaratilgan ijtimoiy roliklar yaratib, keng targ‘ibot ishlarini olib borish zarurligi ta’kidlandi.