2017 yil 3 iyuldan 2018 yilning mart oyiga qadar Norin tuman (Namangan viloyati) tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan T.Muxtorovga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tibbiyot kollejini tugatgan Sh.Burhonovani ishga qabul qilish uchun 300 AQSH dollari olayotgan paytida qo‘lga olindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudi raisi Jasur Qurbonov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

2017 yil dekabr oyida T.Muxtorovga Norin tuman tibbiyot birlashmasiga ishga qabul qilishni so‘rab murojaat qiladi. T.Muxtorov bo‘sh ish o‘rni yo‘qligini, agar bo‘sh ish o‘rni chiqib qolsa, xabar berishini bildirib, hujjatlarini tashlab ketishini aytadi.

Sh.Burhonova tibbiyot birlashmasidan chiqib ketayotib, shu yerda ishlovchi qo‘shnisi A.Sultonovani ko‘rib qoladi va unga qanday maqsadda kelganini aytadi. Shunda A.Sultonova unga kutib turishini tayinlab, o‘zi T.Muxtorovning oldiga kirib ketadi.

Shundan so‘ng Sh.Burhonova Tibbiyot birlashmasining tug‘uruqqacha tayyorlash bo‘limida 2018 yil mart oyiga qadar ish o‘rganib yuradi. Bu orada u yana qo‘shnisiga murojaat qilib, rahbar bilan gaplashishni iltimos qiladi. O‘z navbatida, T.Muxtorov A.Sultonovaga tug‘uruqqacha tayyorlash bo‘limiga ishga kiritish uchun 300 AQSH dollari, boshqa bo‘limlarga esa 200 dollarlik xarajati bor ekanini tamagirlik bilan shipshiydi.

T.Muxtorovning bunday xatti-harakatidan norozi bo‘lgan A.Sultonova 2018 yil 10 mart kuni Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti Namangan viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat etib, Norin tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i T.Muxtorov ishga qabul qilish evaziga 300 AQSH dollari talab qilayotgani haqida ma’lum qiladi.

Shundan so‘ng arizani tekshirib ko‘rish maqsadida tezkor tadbir tashkil qilinadi. A.Sultonovaga xolislar ishtirokida kimyoviy ishlov berilgan 300 AQSH dollari beriladi va tibbiyot birlashmasi rahbariga olib borishi kerakligi tushuntiriladi.

A.Sultonova qo‘l telefonidan T.Muxtorovga qo‘ng‘iroq qilib, Sh.Burhonovaning ota-onasidan aytilgan pulni olgani va Namangan shahrida joylashgan «Do‘stlik» buyum bozoriga kelsa, shu mablag‘ni berishini aytadi. T.Muxtorov tuman hokimligida yig‘ilishda ekanini bildirib, A.Sultonovaga ishxonaga kelishni tayinlaydi.

Shunday qilib, joriy yilning 10 martida T.Muxtorov o‘zining xizmat xonasida A.Sultonovadan 300 AQSH dollarini tamagirlik yo‘li bilan pora sifatida olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Surishtiruv va tergov jarayonida T.Muxtorov Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudi ushbu jinoyat ishini atroflicha ko‘rib chiqib, T.Muxtorovga nisbatan tegishli tartibda jazo tayinladi.