O‘zbekiston ekologik harakati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida Ekoharakatning Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida aholining ekologik xabardorligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan Axborot-resurs markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Ekoharakat matbuot xizmati xabar berdi.

Axborot resurs markazi Ekoharakat, YeXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida amalga oshirilgan «Atrof muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston ekologik harakatiga ko‘maklashish — Faza II» loyihasi doirasida tashkil etildi.

Mazkur tashabbus nafaqat markazda, balki respublikaning barcha hududlarida atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarida jamoatchilik ishtirokini har tomonlama kuchaytirish, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga ko‘maklashishni maqsadida amalga oshirildi.

Shuningdek, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ekologiya, tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan NNT, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga uslubiy yordam ko‘rsatish, shuningdek ommaviy axborot vositalarini ekologik ma’lumotlar bilan ta’minlashga ko‘maklashish ham markazning vazifalaridandir.

Matbuot xizmati tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, «Atrof muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston ekologik harakatiga ko‘maklashish» loyihasi doirasida 2016 yilning 12 avgust kuni Ekoharakatning Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi qoshida aholining ekologik xabardorligini oshirishga qaratilgan axborot-resurs markazi tashkil etilgan.

Ushbu markaz bugungi kunda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, joylarda sodir etilayotgan ekologik qonunbuzarliklar haqida tezkor ma’lumotlar olish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, uzluksiz ekologik ta’lim-tarbiya tizimiga ko‘maklashish, jamoatchilikni atrof muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jalb qilish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.