12 iyul kuni Yunusoboddagi «Kristall» supermarketi binosida sodir bo‘lgan yong‘indan so‘ng Toshkentdagi savdo-ko‘ngilochar markazlar tashrif buyuruvchilarining xavfsizligi choralari kuchaytiriladi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Poytaxtdagi barcha yirik savdo-ko‘ngilochar markazlarda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari navbatchiligi yo‘lga qo‘yildi.

Har bir SKMda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy tadbirlar ko‘rilayotganligi yuzasidan kompleks o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.

O‘rganishlarda asosiy e’tibor ob’ektlarni yong‘inni avtomatik ravishda sezish va ovozli xabar berish, shuningdek, tutunni haydab chiqarish qurilmalarining sozligiga, zaxira chiqish yo‘llarining holatiga, yong‘in vaqtida yo‘nalishni ko‘rsatuvchi belgilar va avariya yoritish tizimi mavjudligiga, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalarining sozligiga, markazlar xodimlarining yong‘in yoki boshqa favqulodda holatlar sodir bo‘lganda o‘z vazifalarini qay darajada bilishlari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

SKMlar ishchi-xizmatchilariga sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf etish va insonlarni tezda evakuatsiya qilishni tashkil etish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.