Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkin Turdimov ushbu lavozimga tayinlanganidan bir kun o‘tib shahardagi ijtimoiy soha ob’ektlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishga chiqdi. Viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu haqda xabar qoldirdi.

Erkin Turdimov tashrif buyurgan ilk ob’ekt Yoshlar markazi bo‘ldi. Viloyat hokimi Yoshlar markazida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi va zarur tavsiyalarni berdi. Jumladan, markaz yoshlarning emin-erkin kirib-chiqishlari uchun qulay bo‘lishi, bu yerda yoshlar o‘zlarini erkin his qilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilishi lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng viloyat hokimi prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida tashkil etilgan qabul jarayoni bilan tanishdi va ushbu muassasada yaqin kelajakda xalqaro darajada ta’lim berish uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozimligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Erkin Turdimov Samarqand davlat universiteti pedagogika fakultetida olib borilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat bo‘limining yangi binosini qurish uchun mo‘ljallangan hudud bilan ham tanishdi.