Azimjon Nazarov innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bungacha u vazirlikning iqtisodiyotning real sektorida tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i hamda innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

42 yoshli Azimjon Nazarov Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Texas qishloq xo‘jaligi va mexanika universitetini tamomlagan.

10 yildan ziyod vaqt mobaynida qishloq va suv xo‘jaligi,atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ta’minot va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohalarida xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy konsalting firmasiga rahbarlik qilgan.

O‘zbekistonni 2021 yilgacha innovatsion rivojlantirish strategiyasi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.