Yanvar-iyun oylarida aholi umumiy daromadlari 109,2 trln so‘mni, bir kishiga o‘rtacha hisoblaganda 3,3 mln so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi davlat statistika qo‘mitasi.

Real daromadlar nominal daromadlarni chakana narxlar va tariflar o‘zgarishini hisobga olgan holda nominal daromadlarning real xarid qilish qobiliyatini ifodalaydi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 112 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 110,1 foizni tashkil etdi.

Aholining umumiy daromadiga pul daromadlari va natura shaklidagi daromadlar kiradi hamda doimiy asosda, takrorlanuvchi xususiyatga ega bo‘lgan, yillik yoki undan kam vaqt oralig‘idagi davrda uy xo‘jaligi yoki uning alohida a’zolariga tushadigan tushumlardan tarkib topadi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (7,467 mln so‘m) hamda Navoiy (5,093 mln so‘m), Buxoro (3,966 mln so‘m) va Toshkent (3,474 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilganligi kuzatildi. Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Surxondaryo viloyatiga (15,9 foiz) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Xorazm (15,6 foiz), Samarqand (14,6 foiz), Andijon (13,5foiz), Namangan (12,2 foiz) hamda Buxoro viloyatlarida (11,9 foiz) aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan.

Aholining umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 65 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 28,2 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.