Davlat moliyaviy navzorat boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari yarim yil davomida 2837 ta nazorat tadbirini o‘tkazdi. 2334 ta (87 foiz) holatda xarajatlarda moliyaviy intizom qoidabuzarliklari aniqlangan, deya xabar qildi O‘zbekiston Moliya vazirligi.

Qoidabuzarlik bilan sarflangan mablag‘lar miqdori 279,2 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, 35,2 mlrd so‘m yetishmagan yoki o‘zlashtirilgan, 122,6 mlrd so‘m noqonuniy sarflangan. Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armalarning 120,7 mlrd so‘mlik mablag‘lari maqsadsiz sarflangan.

56,8 mlrd so‘mlik maqsadsiz sarflangan mablag‘larni qayta tiklash bo‘yicha choralar ko‘rildi. 1547 ta nazorat tadbiri materiallari choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.

Byudjet mablag‘larini oluvchi byudjet tashkilotlarida 2275 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 1887 ta holatda 21,7 mld so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflangani aniqlandi. Ulardan 1126 tasi (18,7 mlrd so‘m) huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.

Byudjet intizomini buzgan 62 nafar byudjet tashkilotlari rahbar va mutasaddi shaxslari 34,1 mln so‘mlik ma’muriy javobgarlikka tortildi.