2018 yil birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,609 mln so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi.

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibida ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha to‘lovlar tahlili

  • ta’lim: 21 533 ta muassasada 999,2 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 38,6%ni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 7,496 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 30,0%ni) tashkil etgan. Ta’lim sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,250 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 15,2% ga o‘sdi;
  • sanoatda: 614 ta korxonada 451,6 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 17,5%ni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 6,622 mlrd so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 26,5%ni) tashkil etgan. Sanoat sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,443 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 30,2%ga o‘sdi;
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda: 1 422 ta muassasada 428,2 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 16,6%ni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 2,719 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 10,9%ni) tashkil etgan. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,058 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 16,8%ga o‘sdi;
  • tashish va saqlashda: 204 ta korxonada 115 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 4,4%ni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 1,482 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 5,9%ni) tashkil etgan. Tashish va saqlash sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,148 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning mos davriga nisbatan 22,1%ga o‘sdi;
  • moliyaviy va sug‘urta faoliyatida: 138 ta muassasada 67 ming nafar (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 2,6%ni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 1,228 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 4,9%ni) tashkil etgan. Moliyaviy va sug‘urta faoliyati sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3,055 mln so‘mni tashkil etib, 2017 yilning davriga nisbatan 25,4%ga o‘sdi.

Yanvar-iyun oylarida 2017 yilning mos davriga nisbatan iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining yuqori o‘sish sur’ati axborot va aloqada 32,9%, sanoatda 30,2%, qurilishda 26,4%, moliyaviy va sug‘ruta faoliyatida 25,4% kuzatildi.

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi ko‘rsatkichini respublika hududlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, ya’ni o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida 2,252 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 140,0%), Navoiy viloyatida 2,153 mln so‘mni (133,8%) va Toshkent viloyatida 1,768 mln so‘mni (109,9%) tashkil etgan bo‘lsa, Namangan viloyatida 1,263 mln so‘mni (78,5%), Samarqand viloyatida 1,273 mln so‘mni (79,2%) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Mehnat Kodeksiga muvofiq, muayyan davr uchun belgilangan mehnat normasini va mehnat vazifalarini to‘liq bajargan xodimning oylik mehnat haqi qonun hujjatlarida Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi (yanvar-iyun oylarida 426,5 ming so‘mni tashkil etgan) bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.