O‘zbekiston IIV tomonidan shanba kuni Kattaqo‘rg‘on tumanidagi ichki ishlar bo‘limi xodimlarining faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi yakunlanganini e’lon qildi. Mazkur tekshiruv IBB xodimining xizmat binosida ayol kishini tahqirlab, yechinishga majbur qilgani tasvirlangan video e’lon qilingach boshlangan edi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga binoan ishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan, xodimlarning faoliyati ustidan yetarlicha nazorat o‘rnatmagan va shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy ishlarni olib bormagani uchun ichki ishlar organlaridan quyidagilar o‘z ishidan ozod etildi:

Kattaqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov;

uning birinchi o‘rinbosari Izzatillo Xo‘jamqulov;

kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Sheraliyev,

shahar IIB JQB boshlig‘i Alisher Shukurov.

Bundan tashqari, viloyat IIB va shahar IIBning bir qator rahbar xodimlariga nisbatan boshqa intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, yuqoridagi voqea sodir etilishi bilan bog‘liq holatlarda xizmat vazifalarini bajarmagan quyidagi xodimlar ham ichki ishlar organlari safidan bo‘shatildi:

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB katta inspektor navbatchisi Nasim Aliyev;

navbatchi yordamchisi Jahongir Shodiyev;

ushbu IIB profilaktika inspektori Shamshod To‘xtayev.

Yuqoridagi videolavhani tasvirga olgan va unda aks etgan holatlarni keltirib chiqargan San’at Umarov ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilishi bilan birga, unga nisbatan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Jinoyat ishi bo‘yicha hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIV xabariga ko‘ra, kelgusida bu kabi salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida xizmat tekshiruvi natijalari butun shaxsiy tarkib bilan muhokama qilinadi.

Shuningdek, bunday holatlarga qat’iyan yo‘l qo‘ymaslik hamda ichki ishlar organlarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi faoliyatning ahvolini har tomonlama o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish va tegishli chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma farmoyishi bilan ishchi guruhi tuzildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi ushbu ishchi guruhi Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganmoqda.

IVVning bergan xabariga ko‘ra, bu ko‘rinishdagi o‘rganishlar respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilangan.

Sal oldinroq Kattaqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga podpolkovnik Farhod Jo‘rayev tayinlangani xabar qilingandi.