Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Surxondaryo viloyati sobiq hokimi Erkinjon Turdimov Surxondaryo aholisiga ma’muriyat boshlig‘i bo‘lib ishlagan vaqtida o‘zini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.«Aziz vohadoshlar! Men Surxondaryo xalqidan cheksiz minnatdorman, bir yilu yetti oy vaqt mobanida bu voha ahlidan juda ko‘p narsa o‘rgandim. O‘zimni Surxondaryo xalqidan bir umr qarzdor deb hisoblayman. Mana shu davr mobaynida men bilan yelkama-yelka turib xizmat qilgan barcha-barchaga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman», — deb yozadi Erkinjon Turdimov o‘zining Facebook’dagi sahifasida.

Mazkur post ostida izoh yozgan yuzlab viloyat ahli unga minnatdorlik bildirdi va keyingi ishlarida omad tilashdi. Shuningdek, Surxondaryodan chiqqan hamma rahbar ham u singari fidokorona ishlamaganini ta’kidlashdi.

O‘z navbatida Samarqand aholisi yangi hokimning tayinlanganidan xursandliklarini va aynan Turdimovning viloyatni boshqarishini orzu qilganliklarini bildirdilar. Ba’zi internet foydalanuvchilar Erkinjon Turdimovdan uzoq vaqt ishlagan Navoyi viloyatiga qaytishini so‘rashgan.

Surxondaryoda istiqomat qiluvchi Komila Yusupova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga «Surxondaryo onalari» nomidan murojaat qilib, Erkinjon Turdimovni viloyat hokimi sifatida qoldirishini so‘ragan.

Yuzlab «layk» va izohlar yiqqan murojaatnomada Erkinjon Turdimovning viloyat uchun juda ko‘p ish qilganini va aholi bilan birgalikda ko‘plab boshqa o‘zgarishlarni rejalashtirgani ta’kidlandi.

«U kamida yana besh yil bizning rahbarimiz bo‘lishi kerak. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo xalqiga gavhar sovg‘a qilgandi. Ammo uni qaytarib olyapti. Biz, Surxondaryo xalqi, xotin-qizlar, onalar dono va adolatli prezidentimizdan Erkinjon Turdimovni bu yerda yana hech bo‘lmasa besh yil bu yerda qoldirishlarini so‘raymiz», — deb yozadi u.